O’zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to’grisida

1-modda.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasining matni va musiqaviy tahriri tasdiqlansin (ilova qilinadi).

2-modda.

Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat suverenitetining ramzidir.

Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasiga zoʻr ehtirom bilan qarash Oʻzbekiston Respublikasi har bir fuqarosining vatanparvarlik burchidir.

3-modda.

Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi:

1) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishish chogʻida — u qasamyod qabul qilganidan soʻng;

2) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi sessiyalarining va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati yalpi majlislarining ochilishi hamda yopilishi chogʻida;

3) Oʻzbekiston Respublikasida nishonlanadigan umummilliy bayramlarga bagʻishlangan tantanali yigʻilishlar va majlislarning ochilishi chogʻida;

4) davlat televideniye va radioeshittirish kompaniyalari tomonidan har kuni — koʻrsatuv va eshittirishlar boshlanishidan avval va tugaganidan soʻng, koʻrsatuv va eshittirishlar kechayu kunduz olib borilganida esa soat 6 da va soat 24 da, yangi yil kechasida — soat 24 da;

5) respublika hayotidagi muhim tarixiy voqealarni nishonlash yuzasidan, atoqli siyosiy, davlat, harbiy arboblar, xalq qahramonlari, fan, adabiyot va sanʼat arboblari sharafiga oʻrnatilgan haykallar, shuningdek monumentlar, yodgorliklar va boshqa inshootlarning ochilishi chogʻida;

6) davlat organlari, boshqa tashkilotlar tomonidan oʻtkaziladigan marosimlar va boshqa tantanali tadbirlar vaqtida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻini koʻtarish chogʻida;

7) rasmiy safar bilan Oʻzbekiston Respublikasiga tashrif buyurgan xorijiy davlatlar davlat va hukumat boshliqlarini kutib olish va kuzatish chogʻida — tegishli xorijiy davlatning davlat madhiyasi ijro qilib boʻlinganidan keyin;

8) harbiy marosimlarni oʻtkazish vaqtida — Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining umumharbiy ustavlariga muvofiq;

9) umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional va oliy taʼlim tashkilotlarida — yangi oʻquv yili boshlanishi va oʻquv yili tugashi marosimlari chogʻida;

10) sport maydonlarida — Oʻzbekiston Respublikasi chempionatlarini, milliy terma komandalar ishtirokida xalqaro sport musobaqalarini oʻtkazish vaqtida hamda xalqaro sport musobaqalarining Oʻzbekiston Respublikasi sport terma komandalarining vakillari boʻlgan gʻoliblarini mukofotlash marosimlarini oʻtkazish vaqtida;

11) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, xalq deputatlari Kengashlari deputatlari saylovlari yoki referendum kunlari — ovoz berish oʻtkaziladigan binolarda soat 8.00 da ijro etiladi.

4-modda.

Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi unga nisbatan lozim darajadagi hurmat taʼminlangan holda umummilliy bayramlar va tantanali tadbirlar vaqtida ijro etilishi mumkin.

5-modda.

Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi orkestr, xor, ham orkestr ham xor tomonidan yoki oʻzga vokal va cholgʻu asboblari bilan ijro etilishi mumkin. Bunda ovoz yozib olish vositalaridan foydalanilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi vokal hamda vokal-cholgʻu asboblari bilan ijro etilgan taqdirda toʻliq ijro etiladi, cholgʻu asboblarining oʻzida ijro etilgan taqdirda esa madhiya qisman ijro etilishiga yoʻl qoʻyiladi — ashulaning boshlanishi va naqorat bir martadan aytiladi.

6-modda.

Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi madhiyaning ushbu Qonun bilan tasdiqlangan matni va musiqaviy tahririga aynan muvofiq holda ijro etilmogʻi lozim.

7-modda.

Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi koʻpchilik huzurida ijro etilganda, agar qonunchilikda boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, hozir boʻlgan kishilar madhiyani tik turib va oʻng qoʻl kaftini koʻkrakning chap tomoniga qoʻyib, harbiy yoki davlatning boshqa xizmatidagi maxsus kiyimdagi shaxslar esa qoʻlini bosh kiyimiga qoʻyib tinglaydi.

Agar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasining ijro etilishi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻining koʻtarilishi bilan birgalikda amalga oshirilsa, hozir boʻlgan kishilar unga yuzi bilan buriladi.

8-modda.

Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasini:

harbiy qismlarda, harbiy kemalarda ijro etish, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi ijro etilayotgan paytda harbiy xizmatchilarning harbiy salom berishi — harbiy ustavlar bilan;

ichki ishlar organlarida ijro etish, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi ijro etilayotgan paytda ichki ishlar organlarining oddiy askarlar, serjantlar va ofiserlar tarkibidan boʻlgan shaxslarning salom berishi — Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining buyruqlari bilan belgilanadigan qoidalar bilan;

taʼlim tashkilotlarida ijro etish — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovasiyalar vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi manfaatdor tashkilotlar bilan kelishib belgilab qoʻyadigan qoidalar bilan tartibga solinadi.

9-modda.

Oʻzbekiston Respublikasi hududida respublika va xalqaro sport musobaqalarini oʻtkazish vaqtida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi Oʻzbekiston Respublikasi sport vazirligi manfaatdor tashkilotlar bilan kelishib turib belgilab qoʻyadigan qoidalarga muvofiq ijro etiladi.

Xalqaro sport musobaqalarini oʻtkazish vaqtida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasini ijro etish marosimi xalqaro sport tashkilotlarining mavjud amaliyotini inobatga olgan holda belgilanadi.

10-modda.

Xorijiy davlatlar hududida Oʻzbekiston Respublikasining muassasalari va tashkilotlari oʻtkazadigan tadbirlar vaqtida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi oʻsha mamlakat tajribasi va mahalliy urf-odatlarini inobatga olgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi belgilab qoʻyadigan qoidalarga muvofiq ijro etiladi.

11-modda.

Ichki ishlar organlarida, taʼlim muassasalarida, sport musobaqalari vaqtida, shuningdek xorijiy davlatlar hududida Oʻzbekiston Respublikasining muassasalari va tashkilotlari tegishli tadbirlar oʻtkazgan vaqtda Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasini ijro etish qoidalari ushbu Qonun talablariga asoslanib belgilanadi.

12-modda.

Ushbu Qonunning ijrosini taʼminlash tegishli davlat organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlari zimmasiga yuklatiladi.

13-modda.

Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari, shuningdek Oʻzbekistonda turgan boshqa shaxslar Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasini hurmat qilishi shart.

Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi toʻgʻrisidagi qonunchiligini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.


Toshkent sh.,

1992 yil 10 dekabr,

№ 768-XII

Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV

O’zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi

Serquyosh, hur oʻlkam, elga baxt, najot,
Sen oʻzing doʻstlarga yoʻldosh, mehribon!
Yashnagay to abad ilmu fan, ijod,
Shuhrating porlasin toki bor jahon!
Oltin bu vodiylar — jon Oʻzbekiston,
Ajdodlar mardona ruhi senga yor!
Ulugʻ xalq qudrati joʻsh urgan zamon,
Olamni mahliyo aylagan diyor!
Bagʻri keng oʻzbekning oʻchmas iymoni,
Erkin, yosh avlodlar senga zoʻr qanot!
Istiqlol mashʼali, tinchlik posboni,
Haqsevar, ona yurt, mangu boʻl obod!
Oltin bu vodiylar — jon Oʻzbekiston,
Ajdodlar mardona ruhi senga yor!
Ulugʻ xalq qudrati joʻsh urgan zamon,
Olamni mahliyo aylagan diyor!
Ўзбекистон Республикаси Давлат мадҳияси