Oʻzbekiston Respublikasining mudofaa doktrinasi toʻgʻrisida

Qonunchilik palatasi tomonidan 2017-yil 18-dekabrda qabul qilingan.

Senat tomonidan 2017-yil 20-dekabrda ma’qullangan.

1-modda. O‘zbekiston Respublikasining Mudofaa doktrinasi tasdiqlansin (ilova qilinadi).

2-modda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1995-yil 30-avgustda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Harbiy doktrinasi to‘g‘risida”gi 105-I-sonli Qarori (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-yil, № 9, 180-modda) o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilsin.

3-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

  • hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
  • davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin;
  • ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.

4-modda. Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

Toshkent sh.,

2018-yil 9-yanvar,

O‘RQ-458-son

O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV


O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 9-yanvardagi 458-sonli Qonuni bilan

TASDIQLANGAN

O‘zbekiston Respublikasining Mudofaa doktrinasi

I. UMUMIY QOIDALAR

1. O‘zbekiston Respublikasining Mudofaa doktrinasi (bundan buyon matnda Doktrina deb yuritiladi) harbiy sohada O‘zbekiston Respublikasi milliy xavfsizligini ta’minlashga doir prinsiplar va yondashuvlarni belgilaydi.

2. O‘zbekiston Respublikasi Doktrinaning mudofaa xususiyatiga egaligini tasdiqlaydi. O‘zbekiston Respublikasi hech bir davlatni o‘zining dushmani deb hisoblamaydi va barcha mamlakatlar bilan munosabatlarni mamlakat milliy manfaatlarining ustuvorligi asosida hamda xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan prinsiplari va normalarini inobatga olgan holda, o‘zaro naf ko‘rish, teng huquqlilik hamda boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik, barcha nizoli masalalarni tinch vositalar va muzokaralar yo‘li bilan hal qilish, davlatlararo shakllangan chegaralarning buzilmasligi va o‘zgarmasligini tan olish asosida quradi.

3. Doktrina:

  • O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, Milliy xavfsizlik konsepsiyasi va boshqa qonun hujjatlariga asoslanadi, xalqaro huquqning, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Ustavining prinsiplari va normalariga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi ishtirokchisi bo‘lgan xalqaro shartnomalarga tayanadi;
  • mamlakatning milliy manfaatlaridan, jahondagi va mintaqadagi harbiy-siyosiy vaziyatdan, harbiy sohada milliy xavfsizlikka bo‘lgan tahdidlar darajasidan, zamonaviy harbiy mojarolarning xususiyatidan kelib chiqadi;
  • Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasining va mamlakat mudofaasini rejalashtirishga doir boshqa hujjatlarning asosiy qoidalarini inobatga oladi;
  • harbiy mojarolarning oldini olish, hayotiy muhim milliy manfaatlarni himoya qilish bo‘yicha davlat, jamiyat va fuqarolar faoliyatini tashkil etish yo‘nalishlari va usullarini ochib beradi;
  • davlatning kelajakda mudofaa sohasidagi siyosati ustuvorliklarini, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarini (bundan buyon matnda Qurolli Kuchlar deb yuritiladi) tayyorlash, qurish va qo‘llashning asosiy prinsiplari va yo‘nalishlarini belgilaydi.

4. Doktrinani ro‘yobga chiqarish O‘zbekiston Respublikasining milliy xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha yagona davlat siyosati doirasida amalga oshiriladi.

5. Ushbu Doktrinada quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:

alohida davr — safarbarlik (harbiy holatni joriy etish) to‘g‘risida qaror qabul qilingan paytdan boshlanadigan davr, shu jumladan harbiy harakatlar olib boriladigan butun davr;

davlatning harbiy tashkiloti — davlat boshqaruvi va harbiy boshqaruv organlarining, Qurolli Kuchlarning, urush davri uchun tuziladigan boshqa organlar, muassasalar va maxsus tuzilmalarning, shuningdek mudofaa sanoati kompleksi majmui bo‘lib, ularning birgalikdagi faoliyati harbiy xavfsizlikni ta’minlash borasidagi vazifalarni hal etishga qaratilgan bo‘ladi;

mamlakat mudofaasi — O‘zbekiston Respublikasining suverenitetini, hududiy yaxlitligini, aholisining tinch hayoti va xavfsizligi himoya qilinishini ta’minlovchi siyosiy, iqtisodiy, harbiy, ijtimoiy-huquqiy, axborotga oid, tashkiliy va boshqa tusdagi chora-tadbirlar tizimi;

milliy xavfsizlikka harbiy sohadagi tahdidlar — O‘zbekiston Respublikasiga qarshi harbiy kuch qo‘llanilishi haqiqatan mumkinligini tavsiflovchi omillar;

noqonuniy qurolli tuzilmalar — milliy va xalqaro qonunchilikka xilof ravishda shakllantirilgan, terrorchilik, ekstremistik, jinoiy yoki boshqa maqsadlarni ko‘zlovchi qurolli birlashmalar, otryadlar, guruhlar;

tahdid soluvchi davr — vaqtning turli muddat davom etadigan, qoida tariqasida, harbiy mojaro boshlanishidan oldinga to‘g‘ri keladigan hamda harbiy-siyosiy vaziyat o‘ta keskinlashganligi bilan tavsiflanadigan davri;

favqulodda vaziyat — odamlar qurbon bo‘lishiga, ularning sog‘lig‘i yoki atrof-muhitga zarar yetishiga, jiddiy moddiy talafotlar keltirib chiqarishga hamda odamlarning hayot faoliyati sharoiti izdan chiqishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan yoki olib kelgan avariya, halokat, xavfli tabiiy hodisa, tabiiy yoki boshqa ofat natijasida muayyan hududda yuzaga kelgan holat;

qurolli mojaro — davlatlar o‘rtasidagi (xalqaro qurolli mojaro) yoki bir davlat hududi doirasidagi (ichki qurolli mojaro) qarama-qarshi tomonlar o‘rtasidagi iqtisodiy, siyosiy, milliy, etnik, diniy va boshqa ziddiyatlarni hal etish maqsadidagi miqyosi cheklangan qurolli to‘qnashuv (harakat, janjal) bo‘lib, bunda urush holati e’lon qilinmaydi;

harbiy mojaro — davlatlar o‘rtasidagi yoki davlatning ichki qarama-qarshiliklarini harbiy kuch qo‘llagan holda hal etish shakli bo‘lib, bu qurolli kurash olib borishning barcha turlarini, shu jumladan urushlar va qurolli mojarolarni qamrab oladi;

harbiy tajovuz — O‘zbekiston Respublikasining suverenitetiga, hududiy yaxlitligiga va davlat mustaqilligiga qarshi harbiy kuchni qo‘llash;

harbiy xavfsizlik — milliy manfaatlarning harbiy sohada davlat xavfsizligiga bo‘lgan tahdidlardan himoyalanganlik holati.

II. DOKTRINANING HARBIY-SIYOSIY JIHATLARI

1. Harbiy-siyosiy vaziyatning o‘ziga xos xususiyatlari

6. Globallashuv davom etayotgan va xalqaro munosabatlarning butun tizimi o‘zgarib borayotgan sharoitlarda jahondagi harbiy-siyosiy vaziyat xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikka xavf-xatar hamda tahdidlar ko‘lami kengayib borayotganligi — geosiyosiy qarama-qarshilikning kuchayishi, mojarolar va tang vaziyatlarni kuch ishlatib hal etishga bo‘lgan yondashuvning ustunlik qilishi, kuch ishlatish, shu jumladan ommaviy qirg‘in qurolini qo‘llash ehtimoli oshganligi, harbiylashtirish, xalqaro terrorizm va ekstremizm faollashganligi, axborot makoni va kibermakonda o‘zaro kurash kuchayganligi bilan tavsiflanadi.

Xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan prinsiplari va normalarining erkin talqin etilishi hamda tanlab qo‘llanilishi hollari tobora kuchaymoqda.

Ushbu bandning birinchi va ikkinchi xatboshilarida ko‘rsatilgan xavotirli tendensiyalar mavjud tanglik o‘choqlarining global miqyosda keskinlashuviga hamda yangilari paydo bo‘lishiga olib kelmoqda. Buning oqibatida jahondagi holat tobora murakkablashmoqda, taxmin qilinishi qiyin bo‘lgan xususiyat kasb etmoqda.

O‘z navbatida Markaziy Osiyodagi vaziyatga terrorizm, ekstremizm, narkotrafik va transchegaraviy jinoyatchilikning saqlanib turgan xavf-xatarlari va tahdidlari salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Afg‘onistondagi noqonuniy qurolli tuzilmalar faoliyati mintaqa xavfsizligiga alohida xavf solmoqda.

7. Mazkur bo‘limning 6-bandida ko‘rsatilgan omillar harbiy kuchni qo‘llash zaruriyatini keltirib chiqarishi mumkin. Bunday sharoitda davlatning mudofaa salohiyati harbiy sohada milliy xavfsizlikka bo‘lgan tahdidlarni jilovlash, neytrallashtirish va tugatishning asosiy vositalaridan biri bo‘lib qoladi.

2. Ҳарбий соҳада миллий хавфсизликка бўлган асосий таҳдидлар

8. Harbiy sohada milliy xavfsizlikka bo‘lgan asosiy tahdidlar quyidagilardan iborat:

  • harbiy harakatlarning O‘zbekiston Respublikasi hududiga ko‘chishi xavfi bo‘lgan harbiy mojarolar;
  • O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi yaqinida qo‘shinlar turkumlarini mintaqada kuchlar mutanosibligi buzilishiga olib keladigan tarzda hamda O‘zbekiston Respublikasiga qarshi harbiy tajovuzga tayyorgarlik ko‘rilayotganidan darak beradigan tarzda namoyishkorona ko‘paytirish;
  • O‘zbekiston Respublikasining suverenitetiga va hududiy yaxlitligiga tajovuz qilish;
  • bevosita O‘zbekiston Respublikasi hududiga yoxud qo‘shni davlatlarning chegara oldi tumanlariga tashlash uchun noqonuniy qurolli tuzilmalarni tashkil etish, o‘qitish va qurollantirish;
  • narkotrafik, qurol-yarog‘, o‘q-dori, zaharli va portlovchi moddalar, qo‘poruvchilik-terrorchilik faoliyatini amalga oshirish uchun foydalaniladigan boshqa vositalar kontrabandasi bilan bog‘liq transchegaraviy va xalqaro uyushgan jinoiy faoliyat;
  • axborot-kommunikatsiya makonida O‘zbekiston Respublikasining suverenitetiga, mustaqilligiga, hududiy yaxlitligiga qarshi qaratilgan hamda aholining tinch hayotiga tahdid soluvchi mafkuraviy va psixologik harakatlar.

3. O‘zbekiston Respublikasining mudofaa sohasidagi siyosati

9. O‘zbekiston Respublikasining mudofaa sohasidagi siyosatining asosiy maqsadlari quyidagilardan iborat:

  • mustaqillikni, suverenitetni, hududiy yaxlitlikni va konstitutsiyaviy tuzumni himoya qilish;
  • davlatning harbiy xavfsizligini ta’minlash;
  • Markaziy Osiyoda xalqaro va mintaqaviy hamkorlikni, xavfsizlikni, barqarorlikni va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash;
  • davlatning harbiy tashkilotini muntazam ravishda rivojlantirish, uni O‘zbekiston Respublikasini qurolli himoya qilishga shay holatda saqlab turish.

10. O‘zbekiston Respublikasining mudofaa sohasidagi siyosati quyidagi prinsiplarga asoslangan:

  • boshqa davlatlarga qarshi harbiy kuch ishlatmaslik, bundan harbiy tajovuzning oldini olish va uni daf etish hollari mustasno;
  • xavfsizlikning bo‘linmasligi, o‘z xavfsizligini boshqa davlatlar xavfsizligi hisobiga mustahkamlashga yo‘l qo‘yilmasligi;
  • boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik, ehtimol tutilgan nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish;
  • harbiy-siyosiy bloklarda ishtirok etmaslik, har qanday davlatlararo tuzilmadan, agar u harbiy-siyosiy blok etib o‘zgartirilsa, chiqib ketish huquqini o‘zida saqlab qolish;
  • mudofaaning yetarli darajada bo‘lishi;
  • harbiy qurilishning zamonaviy harbiy mojarolar xususiyatiga monand bo‘lishi;
  • yadroviy va boshqa turdagi ommaviy qirg‘in qurolini ishlab chiqarish, olish, saqlash, tarqatish va joylashtirishdan voz kechish;
  • Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli zona to‘g‘risidagi shartnoma prinsiplariga sodiqlik;
  • o‘z hududida chet el harbiy bazalari va obyektlarining joylashtirilishiga yo‘l qo‘ymaslik;
  • Qurolli Kuchlarning xorijdagi tinchlik o‘rnatish bilan bog‘liq operatsiyalarda va harbiy mojarolarda ishtirok etmasligi;
  • xalqning ma’naviy-axloqiy qadriyatlariga va o‘ziga xos madaniy tamadduniga tayanish.

11. O‘zbekiston Respublikasi tinchliksevar siyosatni olib borar ekan, harbiy mojarolarning oldini olishda faol ishtirok etishni ustuvor vazifalardan biri deb hisoblaydi.

O‘zbekiston Respublikasining ushbu sohadagi siyosatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:

a) milliy darajada:

davlat harbiy tashkilotining o‘z maqsadiga muvofiq harakat qilishga shayligini saqlab turish;

o‘z mudofaa sanoati kompleksini va uning ilmiy-ishlab chiqarish bazasini rivojlantirish;

ijtimoiy institutlarga va hokimiyat organlariga bo‘lgan ishonchga putur yetkazishga, shuningdek davlatning ichki ishlariga aralashish maqsadida aholining ommaviy ongiga axborot-mafkuraviy ta’sir ko‘rsatish bilan bog‘liq xavflarni kamaytirishga qaratilgan ilg‘or texnologik yechimlarni va boshqa yechimlarni qo‘llash;

b) mintaqaviy darajada:

mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, mintaqaviy xavfsizlikning eng muhim muammolarini hal etish, shu jumladan Afg‘onistondagi vaziyatni tartibga solishga ko‘maklashish, transchegaraviy suv oqimlari resurslaridan foydalanish masalalarini hal etish, chegaralarni dyelimitatsiya va demarkatsiya qilish jarayonlarini tugallash, ekologik barqarorlikni ta’minlash, favqulodda vaziyatlarga hamda tabiiy va texnogen xususiyatdagi transchegaraviy tahdidlarga e’tibor qaratish yuzasidan ta’sirchan chora-tadbirlarni ko‘rish;

mintaqadagi tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikka tashqi hamda ichki tahdidlar bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik va ularni neytrallashtirish, ekstremizm, terrorizm, uyushgan hamda transchegaraviy jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida Markaziy Osiyodagi barcha mamlakatlar bilan o‘zaro hamfikrlik va amaliy hamkorlikni mustahkamlash;

mintaqa davlatlari o‘rtasida harbiy sohadagi hamkorlikni kengaytirish, ishonch va xavfsizlikni mustahkamlash;

v) xalqaro darajada:

Birlashgan Millatlar Tashkilotining, boshqa xalqaro tashkilotlar va institutlarning xalqaro xavfsizlikni ta’minlash va hamkorlikni rivojlantirish borasidagi ishlarida ishtirok etish;

O‘zbekiston Respublikasi milliy xavfsizligining uzoq muddatli manfaatlaridan kelib chiqqan holda manfaatdor mamlakatlar bilan strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish va saqlab turish hamda davlatlararo o‘zaro manfaatli, mustahkam aloqalarni yo‘lga qo‘yish;

ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatmaslik borasidagi global sa’y-harakatlarga ko‘maklashish;

ekstremizm va xalqaro terrorizm ko‘rinishlarining oldini olish va ularga chek qo‘yish;

xalqaro harbiy va harbiy-texnikaviy hamkorlikni rivojlantirish.

12. O‘zbekiston Respublikasi harbiy xavfsizlikni ta’minlashga bo‘lgan o‘z huquqini amalga oshirar ekan, o‘z Qurolli Kuchlarini:

  • harbiy tajovuzni daf etish;
  • harbiy sohadagi milliy xavfsizlikka tahdid soluvchi ekstremizm, terrorizm va boshqa g‘ayriqonuniy ko‘rinishlarga qarshi kurashish;
  • favqulodda vaziyatlarning oqibatlarini bartaraf etish;
  • xavfsizlik va huquq-tartibotni ta’minlashda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ko‘maklashish maqsadida qo‘llashi mumkin.

III. DOKTRINANING HARBIY-STRATEGIK JIHATLARI

1. Zamonaviy harbiy mojarolarning xususiyati

13. Xalqaro harbiy-siyosiy vaziyat beqaror rivojlanayotgan sharoitlarda O‘zbekiston Respublikasining milliy xavfsizligiga turli ko‘rinishdagi harbiy mojarolarga uning jalb etilishi ehtimolini istisno etmaydigan tahdidlar saqlanib qolmoqda.

14. Zamonaviy harbiy mojarolarning o‘ziga xos bo‘lgan asosiy xususiyatlari quyidagilardan iborat:

  • ziddiyatlarni hal etish uchun harbiy kuch ishlatish zarurligi to‘g‘risidagi siyosiy vajlarni va xalqaro jamoatchilik fikrini shakllantirish uchun oldindan axborot-psixologik ta’sir ko‘rsatish;
  • harbiy kuch bilan bir qatorda noharbiy tusdagi (siyosiy, iqtisodiy, axborot-psixologik va boshqa) chora-tadbirlardan faol foydalanish;
  • yuqori aniqlikka ega qurollarni, radioelektron kurash vositalarini, uchuvchisiz uchish apparatlarini va robotlashtirilgan komplekslarni, tarmoqli avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlarini qo‘llash;
  • qarshi kurashayotgan tomonlarning butun hududida obyektlarning aniq nuqtalarini nishonga urishga qodirlik;
  • qo‘shinlar turkumlarining yuksak darajada harakatchanligi va yetarli darajadaligi;
  • maxsus operatsiya kuchlarining, noqonuniy qurolli tuzilmalarning, xususiy harbiy kompaniyalar va boshqa yollanma shaxslarning kurash olib borishning qo‘poruvchilik hamda terrorchilik usullaridan foydalanib harbiy mojarolarda faol ishtirok etishi;
  • mahalliy aholining harbiy mojarolarga keng jalb etilishi va o‘ta zaifligi;
  • vayron qilinishi keng ko‘lamli favqulodda vaziyatlarni, shu jumladan transchegaraviy favqulodda vaziyatlarni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan muhim davlat infratuzilmasi obyektlariga aniq yo‘naltirilgan holda zarba berish (faoliyat ko‘rsatishini buzish);
  • bir shakldagi harbiy mojaroning tez orada boshqa shakldagisiga o‘zgarishi ehtimolining yuqoriligi.

2. Mamlakatni ehtimol tutilgan harbiy mojarolarga tayyorlashning asosiy yo‘nalishlari

15. Harbiy sohada O‘zbekiston Respublikasining milliy xavfsizligini ta’minlash davlatning bosh vazifalaridan biridir va u ehtimol tutilgan harbiy mojarolarga oldindan tayyorgarlik ko‘rishdan, ularni jilovlash hamda ularning oldini olishdan iboratdir.

16. Mamlakatni ehtimol tutilgan harbiy mojarolarga tayyorlashning asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:

  • mudofaa vazifalarini hal etish uchun harbiy tashkilotning barcha tarkibiy qismlari muvofiqlashtirilishini va o‘zaro hamkorlikda ishlashini ta’minlash;
  • harbiy-siyosiy vaziyatning rivojlanish tendensiyalarini monitoring va prognoz qilish hamda milliy xavfsizlikka harbiy sohadagi tahdidlarni neytrallashtirish borasida o‘z vaqtida monand chora-tadbirlar ko‘rish;
  • mudofaa vazifalarini hal etish uchun qulay siyosiy va iqtisodiy shart-sharoitlarni saqlab turishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish;
  • mamlakatning safarbarlik tayyorgarligi, hududni tezkor jihozlash va harbiy infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha tadbirlarni amalga oshirish;
  • davlat harbiy tashkilotini mamlakatning iqtisodiy imkoniyatlariga muvofiq mudofaa vazifalarini samarali hal etishni ta’minlaydigan tarzda rejali rivojlantirish;
  • O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasini himoya qilish va qo‘riqlash tizimini takomillashtirish;
  • muhim davlat (harbiy) obyektlarini qo‘riqlash va mudofaa qilish tizimini takomillashtirishga doir kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;
  • hududiy mudofaa va fuqaro muhofazasi tizimlari ishining samaradorligini oshirish;
  • axborot xavfsizligi tizimini shakllantirish, axborot yordamida faol kurashish shakllari, usullari va vositalarini ishlab chiqish;
  • davlat harbiy tashkilotining boshqaruv tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;
  • Qurolli Kuchlarga vazifalarni o‘z vaqtida qo‘yish va aniqlashtirish, ularning harakatlarini moddiy-texnikaviy jihatdan har tomonlama ta’minlash;
  • O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va ularda Vatan taqdiri uchun javobgarlik tuyg‘usini mustahkamlash borasida uzluksiz ish olib borish, shuningdek Qurolli Kuchlarning shaxsiy tarkibini ma’naviy-axloqiy va psixologik jihatdan samarali tayyorlash.

3. Qurolli Kuchlar, ularning asosiy vazifalari va ularni qo‘llash asoslari

17. Qurolli Kuchlar davlat harbiy tashkilotining va mamlakat mudofaa tizimining negizi bo‘lib, harbiy mojarolarni jilovlash hamda ularning oldini olish, shuningdek davlatning harbiy xavfsizligini ta’minlash uchun mo‘ljallangandir.

Qurolli Kuchlar tarkibiga O‘zbekiston Respublikasi mudofaa, ichki ishlar, favqulodda vaziyatlar vazirliklarining, Milliy gvardiyasining, Davlat xavfsizlik xizmatining, boshqa vazirliklar va idoralarning tegishli boshqaruv organlari, qo‘shinlari, harbiy tuzilmalari va muassasalari kiradi.

18. Qurolli Kuchlarning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

a) tinchlik davrida:

harbiy-siyosiy vaziyatning rivojlanishini doimiy ravishda tizimli tahlil va prognoz qilish;

harbiy sohada milliy xavfsizlikka bo‘lgan tahdidlar to‘g‘risida mamlakat mudofaa tizimining barcha kuchlari va vositalarini o‘z vaqtida ogohlantirish (xabardor qilish);

yuzaga kelayotgan harbiy-siyosiy vaziyatga va davlatning iqtisodiy imkoniyatlariga muvofiq Qurolli Kuchlarning qo‘llanilishini batafsil va monand rejalashtirish;

boshqaruv organlari va qo‘shinlarning (kuchlar va vositalarning) jangovar shayligini hamda jangovar qobiliyatini qurolli mojarolarning oldi olinishini ta’minlaydigan darajada saqlab turish;

urush boshlanishi xavfi tug‘ilgan taqdirda Qurolli Kuchlarning strategik jihatdan yoyilishga shayligini ta’minlash;

O‘zbekiston Respublikasining davlat chegarasini himoya qilish va qo‘riqlash;

muhim davlat (harbiy) obyektlari va kommunikatsiyalarini qo‘riqlash hamda mudofaa qilish;

favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni tugatish;

favqulodda holat rejimini saqlab turish;

mamlakat hududini tezkorlik bilan jihozlashga va harbiy infratuzilmani rivojlantirishga doir tadbirlarni o‘tkazish;

hududiy mudofaa va fuqaro muhofazasi tizimlarini belgilangan muddatlarda yoyishga hamda tegishli vazifalarni samarali bajarishga shay holda saqlab turish;

buzg‘unchi kuchlarning davlat hokimiyati va boshqaruvi asoslariga, ijtimoiy-siyosiy barqarorlikka qarshi yo‘naltirilgan hamda harbiy xavfsizlikka zarar yetkazishga qaratilgan qo‘poruvchilik faoliyatiga qarshi kurashishda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ko‘maklashish;

boshqaruv organlari va qo‘shinlarning tezkor hamda jangovar tayyorgarlik rejalarini tashkil etish hamda bajarish;

b) tahdid bo‘layotgan davrda:

Qurolli Kuchlarni yuqori darajadagi jangovar shaylikka keltirish bo‘yicha kompleks tadbirlarni o‘tkazish;

Qurolli Kuchlarni strategik jihatdan yoyish;

hududiy mudofaa va fuqaro muhofazasi tizimlarini yoyish;

harbiy holat rejimini saqlab turish;

v) urush davrida:

harbiy tajovuzni daf etish va tajovuzkorning qo‘shinlariga zarba berish;

tajovuzkorni O‘zbekiston Respublikasining milliy manfaatlariga zid bo‘lmagan shartlar asosida harbiy harakatlarni to‘xtatishga majbur qilish.

19. Qurolli Kuchlarni qo‘llash O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining — O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Oliy bosh qo‘mondonining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek mamlakat mudofaasini rejalashtirishga doir boshqa hujjatlarga muvofiq tashkil etiladi va amalga oshiriladi.

Qurolli Kuchlarni qo‘llash shakllari va usullari haqiqatan yuzaga kelayotgan harbiy-siyosiy vaziyatni hamda O‘zbekiston Respublikasiga nisbatan tajovuzkor harakatlar xususiyatini hisobga olgan holda belgilanadi.

4. Qurolli Kuchlarning aholini va obyektlarni favqulodda vaziyatlardan himoya qilish bo‘yicha harakatlari

20. Mamlakatning butun hududida aholini hamda potensial xavfli obyektlarni zamonaviy hujum vositalarining shikast yetkazuvchi omillari ta’siridan, qo‘poruvchilik-terrorchilik harakatlaridan va favqulodda vaziyatlardan himoya qilish tizimi tashkil etiladi.

21. Halokat yuz bergan hududlarda va zarba o‘choqlarida muhandislik, radiatsiyaviy, kimyoviy hamda boshqa turdagi razvedka, qidiruv-qutqaruv, evakuatsiya va boshqa shoshilinch ishlarni bajarish, jabrlangan odamlarning hayot faoliyatini birinchi navbatda ta’minlash, obyektlarning faoliyatini tiklash, shuningdek fuqaro muhofazasiga doir qolgan vazifalarni bajarish oldindan ishlab chiqilgan va tasdiqlangan qo‘shma rejalarga muvofiq Fuqaro muhofazasi qo‘shinlari, vazirliklar va idoralarning harbiy hamda ixtisoslashtirilgan tuzilmalari, fuqaro muhofazasining hududiy va obyektlardagi tuzilmalari tomonidan amalga oshiriladi.

5. Mamlakat mudofaasiga va Qurolli Kuchlarga rahbarlik qilish

22. Mamlakat mudofaasiga va Qurolli Kuchlarga rahbarlikni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti — O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Oliy bosh qo‘mondoni amalga oshiradi. U O‘zbekiston Respublikasi mudofaa siyosatining va harbiy qurilishining asosiy yo‘nalishlarini belgilaydi.

23. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi davlat harbiy tashkilotining mudofaa vazifalarini hal etish uchun zarur bo‘lgan moliyaviy, moddiy va boshqa resurslarga bo‘lgan talab-ehtiyojlarini har tomonlama ta’minlash, mudofaa manfaatlarini ko‘zlab mamlakat hududini tezkorlik bilan jihozlash masalalarini hal etadi, Qurolli Kuchlarning qurol-yarog‘, harbiy texnika va boshqa moddiy-texnika vositalari bilan jihozlanishi hamda ta’minlanishini tashkil etadi, davlat harbiy buyurtmalarini shakllantirish va mudofaa ahamiyatiga molik ishlab chiqarishlarni tashkil etish sohasida yagona davlat siyosati o‘tkazilishini ta’minlaydi, mamlakat iqtisodiyotining safarbarlik tayyorgarligini tashkil etadi, fuqaro muhofazasiga rahbarlikni amalga oshiradi.

24. O‘zbekiston Respublikasi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda fuqarolari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunchilikda belgilangan doirada mudofaa vazifalarini hal qilishda ishtirok etadi.

25. Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi harbiy tuzilmalarga rahbarlikni O‘zbekiston Respublikasi mudofaa, ichki ishlar, favqulodda vaziyatlar vazirliklarining, Davlat xavfsizlik xizmatining, Milliy gvardiyaning markaziy devonlari, shuningdek boshqa vazirliklar va idoralarning boshqaruv organlari amalga oshiradi.

Mudofaa vaziri urush davri sharoitida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Oliy bosh qo‘mondonining o‘rinbosari hisoblanadi.

26. Qurolli Kuchlar Bosh shtabi tinchlik davrida mamlakat mudofaasini rejalashtirishning va urush davrida Qurolli Kuchlarni tezkor boshqarishning asosiy organidir.

Tinchlik davrida Qurolli Kuchlar Bosh shtabi tashkiliy jihatdan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tarkibiga kiradi va vazirga bo‘ysunadi, urush davrida esa O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Oliy bosh qo‘mondonining ishchi organiga aylanadi.

27. Harbiy okrug Qurolli Kuchlarning asosiy harbiy-ma’muriy birligi va hududiy umumqo‘shin tezkor-strategik birlashmasi hisoblanadi. Harbiy okrug qo‘mondonligi mamlakatni qurolli himoya qilish manfaatlarini ko‘zlab tinchlik va urush davrida bo‘ysunuvidagi qo‘shinlarni tezkor rejalashtirish hamda boshqarishni, shuningdek Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi va uning hududiy chegaralarida joylashtirilgan barcha harbiy tuzilmalarning belgilangan yo‘nalishda yagona tarzda rejalashtirilishini, muvofiqlashtirilishini va hamkorligini amalga oshiradi.

6. Davlat harbiy tashkilotini rivojlantirishning asosiy vazifalari va yo‘nalishlari

28. Davlat harbiy tashkilotini rivojlantirishning asosiy vazifalari milliy xavfsizlikka harbiy sohada mavjud bo‘lgan va potensial tahdidlarni, zamonaviy harbiy mojarolarning o‘ziga xos xususiyatlarini, harbiy san’at nazariyasi va amaliyotining rivojlanishini, shuningdek davlatning haqiqiy imkoniyatlari va resurslarini inobatga olgan holda mamlakatning mudofaa tizimini yanada takomillashtirishdan, Qurolli Kuchlarning jangovar shayligi va jangovar qobiliyatini oshirishdan iborat.

29. Davlat harbiy tashkilotini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:

  • harbiy sohada milliy xavfsizlikning ta’minlanishini strategik rejalashtirish davlat tizimini qonunchilik yo‘li bilan tartibga solish samaradorligini oshirish;
  • mamlakat mudofaasini rejalashtirish tizimini takomillashtirish;
  • davlatning harbiy xavfsizligini ta’minlash vazifalariga va iqtisodiy imkoniyatlariga muvofiq davlatning harbiy tashkiloti tuzilmasini, tarkibini hamda tarkibiy qismlari sonini maqbullashtirish;
  • mamlakatning safarbarlik tayyorgarligini, davlat harbiy tashkilotining faoliyat yuritishini iqtisodiy jihatdan ta’minlash tizimini takomillashtirish;
  • harbiy fanni rivojlantirish va harbiy xavfsizlikni ta’minlash sohasida qabul qilinadigan qarorlarning ilmiy jihatdan mustahkam tizimini takomillashtirish;
  • mudofaaning iqtisodiy, texnologik va harbiy-texnik bazasining asosi sifatida mudofaa sanoati kompleksini bosqichma-bosqich rivojlantirish;
  • qo‘shinlarni qurol-yarog‘, harbiy va maxsus texnikaning zamonaviy va istiqbolli namunalari bilan qayta jihozlash;
  • hududiy mudofaa va fuqaro muhofazasi tizimlarini takomillashtirish;
  • harbiy xizmatchilarni va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish sohasidagi davlat dasturlarini amalga oshirishga doir yangi mexanizmlarni ishlab chiqish;
  • aholini harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning samarali mexanizmlarini mazkur jarayonga nodavlat notijorat tashkilotlarini jalb qilgan holda amaliyotga joriy etish;
  • axborot xavfsizligini ta’minlashga doir kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;
  • xalqaro harbiy va harbiy-texnikaviy hamkorlikni rivojlantirish.

30. Qurolli Kuchlarni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:

  • harbiy qurilishning milliy va xorijiy tajribasini inobatga olgan holda qo‘shinlar hamda Qurolli Kuchlar harbiy tuzilmalarining tashkil etilishini, tuzilishini va tarkibini takomillashtirish;
  • qo‘shinlarning jangovar va safarbarlik shayligi, qo‘shinlarning tezkor, jangovar, ma’naviy-ma’rifiy va psixologik tayyorgarligini rejalashtirish hamda tashkil etish, shuningdek ta’lim olgan safarbarlik zaxirasini tayyorlash tizimlarini takomillashtirish;
  • barcha darajalardagi boshqaruv organlarini maqbullashtirish, qo‘shinlarni va qurol-yarog‘ni boshqarishning yagona himoyalangan axborot-kommunikatsiya tizimlarini shakllantirish;
  • qo‘shinlarning operatsiyalari va taktik harakatlarini tezkor (jangovar) ta’minlash tuzilmalarini yanada rivojlantirish;
  • harbiy ta’lim hamda milliy harbiy ilmiy va pedagog kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish sifatini yuksaltirish.

IV. DOKTRINANING HARBIY-IQTISODIY JIHATLARI

1. Mamlakat mudofaasini harbiy-iqtisodiy jihatdan ta’minlash asoslari

31. Mamlakat mudofaasini harbiy-iqtisodiy jihatdan ta’minlashning maqsadi tinchlik va urush davrida davlat harbiy tashkilotining O‘zbekiston Respublikasining mudofaa sohasidagi siyosatini amalga oshirish uchun yetarlicha moliyaviy, moddiy-texnikaviy va boshqa resurslarga bo‘lgan talab-ehtiyojlarini qanoatlantirishdan iboratdir.

32. Mamlakat mudofaasini harbiy-iqtisodiy jihatdan ta’minlash quyidagi prinsiplarga asoslangan:

a) davlat harbiy tashkilotini moliyaviy va moddiy-texnikaviy jihatdan ta’minlash darajasining mamlakat harbiy xavfsizligi vazifalariga hamda iqtisodiy imkoniyatlariga muvofiqligi;

b) harbiy-iqtisodiy faoliyatni boshqarishda markazlashtirish;

v) moliyaviy, moddiy-texnikaviy va boshqa resurslarni davlat harbiy tashkilotini tegishli maqsadli dasturlarni ishlab chiqish orqali rivojlantirishning ustuvor vazifalarini hal etishga yo‘naltirish.

33. Mamlakat mudofaasini harbiy-iqtisodiy jihatdan ta’minlashning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

  • harbiy va ikki xil maqsadga mo‘ljallangan mahsulotni yetkazib berish hamda ishlab chiqarishga, mamlakat mudofaasi ehtiyojlari uchun ishlarni bajarish va xizmatlar ko‘rsatishga doir davlat buyurtmalarini joylashtirishni tartibga soluvchi qonunchilikni takomillashtirish;
  • ikki xil maqsadga mo‘ljallangan mahsulotni ishlab chiqarish bo‘yicha iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish dasturlarini, shuningdek Qurolli Kuchlarni qurol-yarog‘, harbiy hamda maxsus texnikaning modernizatsiya qilingan va istiqbolli namunalari bilan ta’minlash dasturlarini iqtisodiy hamda moliyaviy jihatdan o‘z vaqtida va oqilona ta’minlash;
  • harbiy xavfsizlikni ta’minlashga yo‘naltiriladigan moliyaviy va moddiy resurslar xarajatlarini maqbullashtirish, davlat harbiy tashkilotining barcha tarkibiy qismlarini o‘zaro bog‘liq, uyg‘un holda rivojlantirish asosida ulardan foydalanish samaradorligini oshirish;
  • qo‘shinlarni va qurol-yarog‘ni boshqarishning unifikatsiya qilingan, himoyalangan axborot-kommunikatsiya tizimlarini razvedka, ogohlantirish, radioelektron kurash tizimlarini, shuningdek yuqori aniqlikdagi nishonga urish vositalarini ishlab chiqish hamda ishlab chiqarish uchun iqtisodiy va moliyaviy sharoitlar yaratish;
  • mamlakatning, Qurolli Kuchlarning va harbiy infratuzilmaning ilmiy-texnikaviy, texnologik va ishlab chiqarish bazasini rivojlantirish;
  • harbiy va ikki xil maqsadga mo‘ljallangan mahsulotdagi, shuningdek ularni ishlab chiqish hamda ishlab chiqarish texnologiyalaridagi intellektual mulk obyektlarining huquqiy himoya qilinishini ta’minlash;
  • iqtisodiyotning fuqarolarga oid va harbiy sektorlarini o‘zaro uyg‘unlashtirish hamda davlatning harbiy-iqtisodiy faoliyatini uning harbiy xavfsizligini ta’minlash manfaatlarini ko‘zlab muvofiqlashtirish;
  • harbiy xizmatchilar va ular oila a’zolarining turmush darajasini yuksaltirish, qonunchilikda belgilangan ijtimoiy kafolatlarini amalga oshirish;
  • mamlakatning safarbarlik shayligi va safarbarlik tayyorgarligi tizimlarini takomillashtirish;
  • moddiy vositalar zaxiralarini shakllantirish;
  • o‘zaro manfaatli xalqaro harbiy va harbiy-texnikaviy hamkorlikni amalga oshirish.

34. O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining tarkibiy qismi bo‘lgan mudofaa budjeti mamlakat mudofaasini moliyaviy jihatdan ta’minlashning asosidir. Mudofaa budjeti davlatning iqtisodiy imkoniyatlarini va davlat harbiy tashkilotining mudofaa vazifalarini hal etish uchun haqiqiy talab-ehtiyojlarini hisobga olgan holda shakllantiriladi.

35. Harbiy xizmatchilar va ular oila a’zolarining ijtimoiy himoyasi harbiy xizmatni o‘tash tartibini, ichki ta’minotini, uy-joy, tibbiy va pensiya ta’minotini takomillashtirishga qaratilgan qonunlar hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlar va jamiyatda harbiy xizmatning nufuzi, obro‘si oshirilishini ta’minlaydigan davlat dasturlarini ro‘yobga chiqarishning boshqa ishlab chiqilgan samarali mexanizmlari asosida amalga oshiriladi.

36. Xalqaro harbiy va harbiy-texnikaviy hamkorlik Qurolli Kuchlarni qurol-yarog‘, harbiy va maxsus texnikaning eng yangi hamda istiqbolli namunalari bilan ta’minlash, ularni modernizatsiya qilish, ta’mirlash va utilizatsiya qilish bo‘yicha vazifalarni hal etish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, mudofaa sanoati kompleksiga chet el investitsiyalari hamda texnologiyalarini jalb etish, shuningdek harbiy, harbiy-texnik kadrlar va mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish zaruriyatiga muvofiq tashkil etiladi hamda amalga oshiriladi.

2. Mamlakatning safarbarlik tayyorgarligi

37. O‘zbekiston Respublikasi safarbarlik tayyorgarligining asosiy maqsadi iqtisodiyotni, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarini, mahalliy davlat hokimiyati organlarini, hududlarni, aholini va Qurolli Kuchlarni harbiy tajovuzning daf etilishini ta’minlashga hamda urush davrida davlat va aholi ehtiyojlarini qanoatlantirishga tayyorlashdan iborat.

38. Mamlakat safarbarlik tayyorgarligining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

  • safarbarlik tayyorgarligi va safarbarlik sohasidagi qonunchilik va normativ-huquqiy bazani ishlab chiqish hamda takomillashtirish, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining, shuningdek ko‘p ukladli iqtisodiyot sharoitida mulk shaklidan va idoraviy mansubligidan qat’i nazar korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning huquqlari, majburiyatlari hamda javobgarligini belgilash;
  • mamlakat iqtisodiyotining safarbarlik rejasini shakllantirish;
  • harbiy va fuqarolar uchun mo‘ljallangan mahsulot ishlab chiqaruvchi (ta’mirlovchi) ishlab chiqarishlarni rivojlantirish hamda joylashtirishga doir asosli qarorlar va rejalarni, davlatning moddiy zaxiralarini, fuqaro muhofazasi obyektlari va mol-mulkini jamlash normativlarini, shuningdek alohida davrda korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning barqaror faoliyat ko‘rsatishiga doir ko‘rsatkichlar ishlanmalarini ishlab chiqish;
  • korxonalar, muassasalar, tashkilotlarga, iqtisodiyot tarmoqlari va sohalariga alohida davrda mahsulot ishlab chiqarish hamda xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha safarbarlik topshiriqlarini belgilash;
  • iqtisodiyotni boshqarish tizimining alohida davrda barqaror faoliyat ko‘rsatishga shayligini ta’minlash;
  • urush davrida iqtisodiyotning barqaror faoliyat ko‘rsatishini va aholining hayot faoliyatini ta’minlaydigan davlat infratuzilma obyektlarini rivojlantirish;
  • urush davrida Qurolli Kuchlarga topshirish uchun yoki mamlakat iqtisodiyoti manfaatlarini ko‘zlab foydalanish uchun mo‘ljallangan maxsus tuzilmalar va muassasalarni tashkil etish hamda shay holatda saqlab turish;
  • davlat zaxiralarida moddiy boyliklar zaxiralarini shakllantirish;
  • moliya va soliq tizimlarining urush davrida faoliyat ko‘rsatishga shayligini ta’minlash;
  • Qurolli Kuchlarning safarbar holda yoyilishini va zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishga shay holatga keltirilishini har tomonlama ta’minlash.

3. Mamlakatning mudofaa sanoati kompleksi

39. Qurolli Kuchlarning qurol-yarog‘, harbiy va maxsus texnikaning modernizatsiya qilingan hamda istiqbolli namunalariga, shuningdek boshqa harbiy-texnikaviy mol-mulkka bo‘lgan talab-ehtiyojlarini qanoatlantirish uchun mo‘ljallangan mudofaa sanoati kompleksini bosqichma-bosqich rivojlantirib borish mamlakat mudofaasining iqtisodiy, texnologik va harbiy-texnikaviy bazasining asosini tashkil etadi.

40. Mamlakat mudofaa sanoati kompleksini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:

  • mudofaa sanoati korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining samarali ishlashi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi o‘rta muddatli dasturlarni amalga oshirish;
  • harbiy-texnikaviy yo‘nalishdagi ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini shakllantirish hamda o‘tkazishning davlat tizimini joriy etish;
  • chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarni tashkil etish va manfaatdor xorijiy sheriklar bilan kooperatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘yish;
  • harbiy maqsadga mo‘ljallangan mahsulotni yaratish, ishlab chiqarish, ta’mirlash va modernizatsiya qilish sohasidagi talab yuqori bo‘lgan texnologiyalarni o‘zlashtirish;
  • boshqaruv kadrlarini, ilmiy, muhandis-texnik va ishchi kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish, iqtisodiyotning harbiy sektoridagi mehnat faoliyatining jozibadorligini oshirish bo‘yicha rag‘batlantiruvchi ijtimoiy chora-tadbirlarni joriy etish.

Harbiy sohada milliy xavfsizlikka bo‘lgan tahdidlar ko‘rinishlarining o‘zgarishlariga, harbiy-siyosiy vaziyat sharoitlariga, zamonaviy harbiy mojarolar xususiyatiga, davlat harbiy tashkilotini rivojlantirish vazifalari va yo‘nalishlariga bog‘liq holda Doktrinaning ayrim qoidalari qonunchilikda belgilangan tartibda aniqlashtirilishi hamda to‘ldirilishi mumkin.

Harbiy xavfsizlikni ta’minlash sohasida davlat faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti — O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Oliy bosh qo‘mondoni tomonidan aniqlashtiriladi.