Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida

1-modda.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻining sxematik va rangli tasviri tasdiqlansin (ilova qilinadi).

2-modda.

Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi Oʻzbekiston Respublikasi davlat suverenitetining ramzidir.

3-modda.

Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi xalqaro munosabatlarda Oʻzbekiston Respublikasining timsoli boʻladi.

4-modda.

Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi — bayroqning butun uzunligi boʻylab oʻtgan toʻq moviy rang, oq rang va toʻq yashil rangli uchta endan tarkib topgan toʻgʻri toʻrtburchak shaklidagi matodir.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻining uzunligi 250 santimetrga, kengligi 125 santimetrga teng. Moviy rang, oq rang va yashil rangli enlarning kengligi bir xil. Har bir en 40 santimetrga tengdir. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻining oʻrtasidagi oq rangli enning chetlaridan kengligi 2,5 santimetrga teng qizil hoshiyalar oʻtkazilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻining yuqori qismidagi moviy rangli enning yuz tomoni va orqa tomonida dastaga yaqin joyida oq rangli yangi oy va uning yonida oʻn ikkita oq rangdagi besh qirrali yulduz tasvirlangan.

Oq rangli yangi oy va oʻn ikkita oq rangli besh qirrali yulduzning tasviri moviy rangli yuqori enning oʻrtasidan 75×30 santimetrga teng toʻgʻri toʻrtburchakka sigʻadigan qilib joylashtirilgan.

Oq rangli yangi oy vertikal holatda doʻng tomoni dastaga qaratilgan, dastadan 20 santimetr masofada joylashtirilgan boʻlib, diametri 30 santimetrli doiraga sigʻadi.

Oʻn ikkita oq rangli besh qirrali yulduz diametri 6 santimetrli doiraga sigʻadi. Doiralar orasidagi masofa 6 santimetr. Yulduzlar uzunasiga va tikkasiga quyidagi tartibda joylashadi: yuqori qatorda uchta, oʻrta qatorda toʻrtta va quyi qatorda beshta yulduz. Quyi qatordagi yulduzlar yangi oyning pastki uchidan 3,5 santimetr masofada joylashadi.

5-modda.

Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi:

1) doimiy ravishda:

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarorgohlarining;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasining;

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining;

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining;

respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining;

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatining;

Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining;

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining;

Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining;

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va Vazirlar Kengashining;

mahalliy davlat hokimiyati organlarining;

sudlarning;

prokuratura organlarining binolarida;

2) doimiy ravishda:

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasining;

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining;

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining;

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitusiyaviy sudining, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining;

respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining;

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining;

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatining;

Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining;

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining;

Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining;

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va Vazirlar Kengashining;

mahalliy davlat hokimiyati organlarining majlislar zallarida;

3) doimiy ravishda:

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining;

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining;

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining;

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining;

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitusiyaviy sudi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raislarining;

respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining;

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining;

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisining;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati raisining;

Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qoʻmondonining;

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi raisining;

Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisining;

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisining;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va Vazirlar Kengashi raislarining;

viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimlarining;

Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari, shuningdek xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalari boshliqlarining xizmat xonalarida;

4) Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan belgilangan bayram kunlarida — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimlarining qarorlari bilan belgilangan markaziy koʻchalarda, maydonlarda, boshqa jamoat joylarida va obyektlarda;

5) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, Senati aʼzolari, xalq deputatlari Kengashlarining deputatlari saylovi yoki referendum kunlarida — ovoz berish oʻtkazilayotgan binolar va xonalarda;

6) Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari, shuningdek xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalari binolarida yoki hududlarida va transport vositalarida — xalqaro huquq normalariga, diplomatik protokol qoidalariga hamda vakolatxonalar va muassasalar joylashgan davlatning qonunchiligiga muvofiq;

7) xorijiy davlatlar davlat va hukumat boshliqlarining, boshqa rasmiy delegasiyalarning xalqaro huquq normalariga, diplomatik protokol qoidalariga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasida boʻlishining tasdiqlangan dasturiga muvofiq transport vositalarida, vokzallarda, aeroportlarda, yurish yoʻnalishi boʻyicha va boshqa tashrif obyektlarida;

8) rasmiy shaxslar sifatida Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, Oʻzbekiston Respublikasining boshqa rasmiy delegasiyalari rahbarlari, Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari, shuningdek xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalari boshliqlari tushgan chet eldagi dengiz va daryo kemalarida, boshqa transport vositalarida;

9) Oʻzbekiston Respublikasi kemalar qatnovi inspeksiyasining kemalar reyestrida roʻyxatga olingan dengiz va daryo kemalarida;

10) Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy birlashmalarida, qoʻshilmalarida va qismlarida, shuningdek boshqa harbiy tuzilmalarida — Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining umumharbiy ustavlariga muvofiq;

11) doimiy ravishda Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasidan oʻtish punktlarida;

12) sport maydonlarida — Oʻzbekiston Respublikasi chempionatlarini, milliy terma komandalar ishtirokida xalqaro sport musobaqalarini oʻtkazish vaqtida hamda xalqaro sport musobaqalarining Oʻzbekiston Respublikasi sport terma komandalarining vakillari boʻlgan gʻoliblarini mukofotlash marosimlarini oʻtkazish vaqtida koʻtariladi.

Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻiga nisbatan hurmatni taʼminlagan holda, undan ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilmagan obyektlarda, shuningdek umummilliy bayramlarda, sport musobaqalarida, ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarida, madaniy va oʻzga ommaviy tadbirlarda, rasmiy xalqaro tadbirlarda, tantanali tadbirlarda, oilaviy bayramlarda, xotira sanalarini nishonlashda, jamiyat va davlat arboblarining, harbiy xizmatchilarning dafn marosimlarida hamda boshqa hollarda, shu jumladan yogʻoch dastani (bayroq dastasini) ishlatmasdan foydalanilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻiga nisbatan hurmatni taʼminlagan holda, undan jamoat joylarida, binolar va boshqa obyektlarda, yashash yoki ish joylarida, shuningdek ularga tutash boʻlgan hududlarda, transport vositalarining salonida foydalanilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida

51-modda.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻining tasviri tushirilgan belgilar:

Oʻzbekiston Respublikasi Fuqaro havo kemalari davlat reyestri yoki Oʻzbekiston Respublikasi Davlat havo kemalari reyestriga kiritilgan havo kemalariga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Aviasiya maʼmuriyati hisobida turuvchi eksperimental havo kemalariga;

qonunchilikda belgilangan hollarda avtomototransport vositalari va ular tirkamalarining davlat roʻyxatidan oʻtkazish raqam belgilariga;

Oʻzbekiston Respublikasining asosiy chegara belgisiga qoʻyiladi.

Oʻzbekiston Respublikasiga tegishlilikni belgilash maqsadida davlat organlarining ramziy belgilarida (bayroq, emblema — geraldik belgi, vimpel va boshqa ramzlar) va ularning Internet jahon axborot tarmogʻidagi rasmiy veb-saytlarida, Oʻzbekiston Respublikasi davlat mukofotlarining asosi yoki elementi sifatida, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasiga tegishlilikni belgilash maqsadida predmetlarda, oʻquv-tarbiya jarayonida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻining tasviri tushirilgan belgilardan foydalanilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasiga tegishlilikni belgilash maqsadida rasmiy xalqaro tadbirlarda Oʻzbekiston Respublikasi vakili boʻlgan jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻining tasviri tushirilgan belgilardan foydalanilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻiga nisbatan hurmatni taʼminlagan holda uning tasviri tushirilgan belgilardan jamoat joylarida, binolar va boshqa obʼektlarda, yashash yoki ish joylarida, shuningdek ularga tutash boʻlgan hududlarda, transport vositalarining salonida foydalanilishi mumkin.

Harbiy yoki boshqa davlat xizmatida boʻlgan shaxslarning kiyim-boshida va farqlovchi nishonlarida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻining tasviri tushirilgan belgilardan foydalanilishi mumkin.

Xalqaro sport musobaqalari hamda Oʻzbekiston Respublikasi chempionatlari uchun sport kiyim-boshini tayyorlashda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻining tasviri tushirilgan belgilardan foydalanilishi mumkin.

52-modda.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻining elementlarini nodavlat tashkilotlari hujjatlarining rekvizitlari yoki reklama materiallariga kiritilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻining tasviri tushirilgan belgilardan ishlab chiqarilayotgan yoki realizasiya qilinayotgan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) oʻtkazish uchun tijorat maqsadlarida foydalanish mumkin emas, bundan Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻiga nisbatan hurmatni taʼminlagan holda uning tasviri tushirilgan belgilardan ustki kiyim-boshni bezatish yoki Oʻzbekiston Respublikasiga tegishlilikni belgilash maqsadida foydalanish mustasno.

Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻiga nisbatan hurmatsiz munosabatda boʻlishga, shu jumladan:

Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻidan va uning tasviri tushirilgan belgilardan yirtilgan, ifloslangan, teshilgan, rangi oʻchgan holda va boshqa nomaʼqul tarzda foydalanishga;

Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻidan biror-bir narsa uchun ustki yopingʻich sifatida foydalanishga;

Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻini stollarga, oʻrindiqlarga, stullarga toʻshashga yoki uning tasvirini tushirishga va undan qoplama sifatida foydalanishga, shuningdek uni oʻtiriladigan boshqa joylarga yoki oyoq ostiga toʻshashga yoki uning tasvirini tushirishga;

Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻidan kiyim-bosh, dastroʻmol yoki koʻrpa-toʻshak sifatida, shuningdek buyumlarni saqlash va tashish uchun foydalanishga;

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻining tasviri tushirilgan belgilarni poyabzalga, dastroʻmolga, koʻrpa-toʻshakka, ichki kiyimga, sochiqlarga, qutilarga (oʻrovlarga), bir marta foydalanish va tashlab yuborish uchun moʻljallangan buyumlarga bosib chiqarishga yoki uning tasvirini boshqacha tarzda tushirishga;

Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻidan va uning tasviri tushirilgan belgilardan odob-axloq qoidalari va jamiyatda yurish-turish qoidalariga zid ravishda yoxud ularni tahqirlash hisoblanadigan boshqacha tarzda foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Nodavlat notijorat tashkilotlarining ramziy belgilari Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻiga oʻxshash boʻlishi mumkin emas.

6-modda.

Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi:

ushbu Qonun 5-moddasining 4-bandida nazarda tutilgan hollarda soat 6 da koʻtariladi va soat 22 da tushirib qoʻyiladi;

ushbu Qonun 5-moddasining 5-bandida nazarda tutilgan hollarda ovoz berish yoki referendum oʻtkazish davrida koʻtarib qoʻyiladi;

ushbu Qonun 5-moddasining 7-bandida nazarda tutilgan hollarda xorijiy davlatlar davlat va hukumat boshliqlarining, boshqa rasmiy delegasiyalarning tashrif buyurishidan 24 soat oldin koʻtariladi va ular joʻnab ketganidan keyin 24 soat mobaynida tushirib qoʻyiladi.

7-modda.

Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi bilan bir vaqtda Qoraqalpogʻiston Respublikasining Davlat bayrogʻi koʻtarilganda, Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi (binoning old tomoniga qarab turganda) chap tomondan koʻtarilishi kerak.

Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi bilan bir vaqtda Qoraqalpogʻiston Respublikasining Davlat bayrogʻi koʻtarilganda, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Davlat bayrogʻining oʻlchami Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻining oʻlchamidan katta boʻlmasligi kerak, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻining koʻtarilish balandligi esa Qoraqalpogʻiston Respublikasi Davlat bayrogʻining koʻtarilish balandligidan past boʻlmasligi kerak.

Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi bilan bir vaqtda xorijiy davlatlar va (yoki) xalqaro tashkilotlar bayroqlari koʻtarilganda Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi xalqaro huquq normalariga va diplomatik protokol qoidalariga muvofiq koʻtariladi.

Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi xorijiy davlatlar va (yoki) xalqaro tashkilotlar bayroqlari bilan bir xil balandlikda joylashtirilishi hamda bir xil oʻlchamga ega boʻlishi kerak.

8-modda.

Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi binolarning asosiy kirish joyida yoki buning uchun maqbul boʻlgan boshqa joyda, yoxud tegishli tutqichi boʻlgan dastada, yo boʻlmasa flagshtokda bayroqning dastasi binoning old tomoni bilan koʻpi bilan 45 gradusli burchak hosil qiladigan tarzda koʻtariladi.

Koʻtarib qoʻyilgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻining matosi yer sathidan kamida 2,5 metr balandlikda boʻlishi kerak.

9-modda.

Motam munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi motamga moslab koʻtariladi. Bunday hollarda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi dastasi yoki flagshtokning yuqori uchiga bayroq enining 1/20 qismiga teng boʻlgan kenglikdagi qora tasma bogʻlanadi, tasmaning ikki uchi bayroqning butun eni uzunligida osilib turadi.

Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi motam munosabati bilan flagshtokda koʻtarilgan taqdirda u flagshtok uzunligining 1/3 boʻlagicha tushirib qoʻyiladi.

10-modda.

Oʻzbekiston Respublikasining davlat bayrogʻi va uning tasviri katta-kichikligidan qatʼiy nazar, hamma vaqt ushbu Qonunga ilova qilinayotgan rangli va sxematik tasviriga aniq mos boʻlishi kerak.

Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻini tayyorlash, saqlash va yoʻq qilish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

11-modda.

Ushbu Qonun ijrosini taʼminlash tegishli davlat organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlari zimmasiga yuklatiladi.

Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻidan va uning tasviri tushirilgan belgilardan butun (yirtilmagan, teshilmagan), toza (ifloslanmagan), rangi oʻchmagan holda va maʼqul tarzda foydalanish uchun masʼuliyat ushbu Qonunga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻidan va uning tasviri tushirilgan belgilardan foydalanadigan jismoniy va yuridik shaxslarning, shu jumladan davlat organlarining zimmasiga yuklatiladi.

12-modda.

Ushbu Qonunning Oʻzbekiston Respublikasi diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari, shuningdek xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalari tomonidan ijro etilishi ustidan nazorat Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, boshqa davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan ijro etilishi ustidan nazorat esa ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshiriladi.

13-modda.

Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari, shuningdek Oʻzbekistonda turgan boshqa shaxslar Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻini hurmat qilishlari shart.

Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi toʻgʻrisidagi qonunchiligini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.


Toshkent sh.,

1991 yil 18 noyabr,

407-XII-son

Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. Karimov

Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi (rangli tasviri)

Oldi tomoni

Orqa tomoni

Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi (sxematik tasviri)

Oldi tomoni

Orqa tomoni