O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY SUDI PLENUMINING VA O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY XO’JALIK SUDI PLENUMINING QARORI
SUD HOKIMIYATI TO‘G‘RISIDA
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 11-moddasi davlat hokimiyatining qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo‘linish prinsipini joriy etdi.
Davlatning Asosiy Qonuni sud hokimiyatining qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlardan, siyosiy partiyalardan, boshqa jamoat birlashmalaridan mustaqil holda ish yuritishini e’lon qildi.
Faqat mustaqil sud hokimiyati har bir fuqaroning vakolatli va xolis sudda ishni oshkora ko‘rish orqali o‘zining buzilgan huquqlarini himoya qilishi mumkinligiga kafolat bo‘lib xizmat qiladi.
Mustaqil va xolis sudni talab qilish har bir insonning huquqidir. Bu huquq Inson huquqlari Umumjahon deklaratsiyasining 10-moddasida va O‘zbekiston Respublikasi qo‘shilgan boshqa xalqaro huquq hujjatlarida mustahkamlangan.
Sud ishlari bilan tanishish sud hokimiyati to‘g‘risidagi qonunlarga, asosan rioya qilinayotganligini, ammo ularning faoliyatida tushuntirishlar berishni talab qiluvchi ayrim masalalar vujudga kelganligini ko‘rsatdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Sud hokimiyati — bu sudlarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari ustuvorligi prinsipiga so‘zsiz rioya qilish asosida jinoiy, fuqarolik, iqtisodiy, ma’muriy ishlarini va ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rish bo‘yicha vakolatidir.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 138-moddasiga muvofiq sud hokimiyatining hujjatlari barcha davlat organlari va boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslar hamda fuqarolar uchun majburiydir.
Sud hokimiyati hujjatlarini bajarmaslik yoki tegishlicha bajarmaslik O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq javobgarlikni yuzaga keltiradi.
2. Sudlar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 55-moddasining ikkinchi qismi mazmunidan kelib chiqqan holda huquqiy nizo xususiyatiga ega bo‘lgan har qanday masalalarni, shu jumladan, davlat organlarining hamda boshqa tashkilotlarning, ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari va harakatsizligi ustidan berilgan shikoyatlarni hal qilish huquqiga egadir
Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, Konstitutsiyaning 16-moddasiga muvofiq birorta ham qonun yoki boshqa normativ-huquqiy hujjat uning normalari va qoidalariga zid kelishi mumkin emas.
3. Qonunga muvofiq sud muhokamasini qanday bo‘lmasin cheklashlarga, bevosita yoki bilvosita ta’sir ko‘rsatish, tahdid qilish yoxud sud faoliyatiga mansabdor shaxs yoki fuqaroning qay tarafdan va qanday masalada bo‘lmasin aralashishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va “Sudlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonunida sudyalarga yuksak maqom berilgan. Sudyalar qonunda belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadilar (saylanadilar);
Buning uchun ijro hokimiyatining mahalliy organlari roziligi talab qilinmaydi.
Qonun davlat muassasalari, fuqaro va tashkilotlarga sudga hurmat bilan qarash majburiyatini yuklaydi.
Davlat hokimiyatining biron-bir idorasi sudga odil sudlovni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lmagan vazifalarni yuklashi mumkin emas.
Sudga hurmatsizlik qilishga yo‘l qo‘yilmaydi va bu qonun bilan belgilangan tartibda jazolanishi lozim.
4. Sudyadan ish bo‘yicha u yoki bu qarorni qabul qilishga doir tushuntirishlar talab qilishga hech kim haqli emas.
Undan bunday tushuntirishlar faqat qonunda nazarda tutilgan hollardagina olinishi mumkin.
Bunda shuni nazarda tutish lozimki, sud qarorining bekor qilinganligi yoki o‘zgartirilganligi faktining o‘zi sudyalardan tushuntirishlar berishni talab qilish uchun asos bo‘lmaydi.
5. Mansabdor shaxslarning sudga u yoki bu ishni hal qilish yuzasidan tavsiyalarini ifoda etib, yozma yoki og‘zaki ravishda qilgan murojaatlari ko‘rilmay qoldirilishi lozim. Sud tomonidan hal qilinadigan shikoyat va arizalarni davlat organlari, jamoat birlashmalari va boshqa muassasalarning nazoratga olishi qonunda ko‘zda tutilmagan. Sud qarorlari ustidan shikoyat berishga huquqi bo‘lgan shaxslar doirasi va ularni ko‘rib chiqish tartibi protsessual qonunlarda qat’iy belgilab qo‘yilgan.
6. Ommaviy axborot vositalari ko‘rilayotgan ishlar bo‘yicha o‘z xabarlarida sud qarori qanday bo‘lishi lozimligi haqida fikr bildirishga yoki boshqacha usullar bilan ishda ishtirok etayotgan biron-bir shaxsning foydasini ko‘zlab sudga ta’sir o‘tkazishga haqli emaslar. Bunda shuni unutmaslik kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 28-moddasiga va “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunning 16-moddasiga muvofiq jinoyat sodir eganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning aybi qonunda nazarda tutilgan tartibda isbotlanmaguncha va sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan aniqlanmaguncha, u aybsiz hisoblanadi.
7. Mustaqillik prinsipi sudlarga huquq beradi va shu bilan birga ulardan sud muhokamasini adolatli o‘tkazishni hamda taraflarning huquqlariga rioya qilishni talab qiladi.
Jinoyat-protsessual qonunda mustahkamlangan sudda ishlarni yuritishda o‘zaro tortishuv prinsipiga muvofiq prokuror sud protsessida taraflardan biri hisoblanadi va protsessning boshqa taraflari bilan teng huquqlardan foydalanadi.
8. Sudlarning e’tibori shunga qaratilsinki, sudyalar maslahatlashuvining sir tutilishi va uni oshkor qilinishining taqiqlanishi sudyalar mustaqilligi, ularning beg‘arazligi va xolisligining eng muhim kafolatidir.
Sudyaning taraflar vakillari, shuningdek, boshqa shaxslar bilan ishlarni muhokama qilishi uning beg‘arazligini shubha ostiga qo‘yadi va shuning uchun bunga yo‘l qo‘yilmaydi. Sudya faqat maslahatxonada ishni muhokamasida qatnashganda uni mazmunan hal qilishga doir fikrini bildiradi. Sudya, shuningdek, muayyan ishni hal qilish bo‘yicha biron bir kishiga maslahat berishga va o‘z fikrini bildirishga haqli emas, chunki kelgusida bu ish uning hal etish doirasida bo‘lib qolishi mumkin.
9. Tushuntirilsinki, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, tumanlararo, tuman (shahar), harbiy sudlar yuqori turuvchi sudlarga faqat protsessual jihatdan bo‘ysunadi.
Barcha darajadagi sudlar sudyalari tegishli sud raislari va rais o‘rinbosarlariga faqat ishni tashkil etish masalalari bo‘yicha bo‘ysunadilar.
Qayd etilgan mansabdor shaxslar sud ishlari bo‘yicha sudyalarga yo‘llanma berishga, sudyalarni intizomiy tartibda jazolashga haqli emaslar.
Sudyalarga intizomiy jazo berishga faqat sudyalarning malaka hay’ati haqlidir.
Sudyalar qonunga muvofiq malaka hay’atlarining qarorlari ustidan Sudyalar oliy malaka hay’atiga, Sudyalar oliy malaka hay’atining qarori ustidan O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashiga shikoyat berish huquqiga ega. Malaka hay’atining qarori qonuniy kuchga kirmaguncha sudyani intizomiy tartibda jazolangan deb hisoblash mumkin emas;
Sudya faqat o‘zi tomonidan bila turib qonunning buzilishiga yoki jiddiy oqibatlarga olib kelgan mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘yilgan hollardagina intizomiy javobgarlikka tortilishi mumkin. Bu holatlarga sudyalarning malaka hay’atlarigina baho berishi mumkin.
10. “Sudlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 91-moddasiga muvofiq sudlarning faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy ta’minlash O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sudlar faoliyatini ta’minlash departamenti tomonidan amalga oshiriladi.
11. Qonun sudyalarni senator, davlat hokimiyati vakillik organlarining deputati, siyosiy partiyalarning a’zosi bo‘lishlari, siyosiy harakatlarda ishtirok etishlari, shuningdek sudyaning vazifalarini bajarishga to‘sqinlik qilmaydigan pedagogik, ilmiy va boshqa ijodiy faoliyatdan tashqari haq to‘lanadigan boshqa biron-bir turdagi faoliyat bilan shug‘ullanishlarini taqiqlaydi. Shu bilan birga sudyalar kasbiy faoliyatiga oid uyushmalarga birlashishlari mumkin.
12. Sudyalarning daxlsizligi sud mustaqilligining muhim kafolatidir, daxlsizlik qonunga muvofiq uning turar joyiga, xizmat xonasiga, foydalanadigan transport va aloqa vositalariga, uning xat-xabarlariga, unga tegishli mulklar va hujjatlarga ham taalluqlidir.
Sudyaga nisbatan jinoyat ishi faqat O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan qo‘zg‘atilishi mumkin. Sudya O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining xulosasi olinmasdan va O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, qamoqqa olinishi mumkin emas.
Sudya tegishli sudyalar malaka hay’atining xulosasi olinmasdan ma’muriy javobgarlikka tortilishi mumkin emas.
13. Sudlar ishlarni va materiallarni ko‘rishda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 65-moddasiga ko‘ra, davlat tomonidan iste’molchilarning huquqi ustunligini hisobga olib, iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini, barcha mulk shakllarining teng huquqliligini va huquqiy jihatdan baravar muhofaza etilishini kafolatlashi prinsipiga og‘ishmay rioya etishlari shart. Shuni nazarda tutish lozimki, xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasidadir. Shuning uchun sudlar ishlarni ko‘rishda davlat organlari va mansabdor shaxslar mulkdorning huquqlarini qanchalik himoya qilayotganlik va ularga rioya etayotganliklarini aniqlashlari, asossiz tekshirishlar, taftishlar va hokazo faktlarga tegishli munosabat bildirishlari hamda bunday noqonuniy harakatlar natijasida mulkdorga yetkazilgan zararni aybdor mansabdor shaxslardan undirish choralarini ko‘rishlari lozim.
14. Sud hokimiyati umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati oliy qadriyat hisoblanadi.
Shundan kelib chiqib, sudlar har bir ish bo‘yicha qonuniylikni va fuqarolarning huquqlariga rioya qilinishini ta’minlashlari hamda ularning har qanday buzilishiga zudlik bilan munosabat bildirishlari shart.
Barcha sud tartiblariga, shu jumladan, har bir fuqaroning himoya huquqiga og‘ishmay amal qilinmog‘i lozim. Fuqarolarni asossiz jinoiy javobgarlikka tortish, noqonuniy hibsga olish va hibsda saqlash, jismoniy yoki ruhiy zo‘ravonlik ishlatish yoki ishlatishga tahdid qilish bilan bog‘liq har bir holat tegishli ravishda baholanishi lozim.
Tushuntirilsinki, bunday g‘ayriqonuniy usullarni qo‘llab olingan har qanday dalillar yuridik kuchga ega emasdir.
Shu bilan birga sudlar javobgarlikning muqarrarligi prinsipiga qat’iy amal qilishlari, xavfli jinoyatchilarga nisbatan qonunning butun kuchini tatbiq etishlari lozim.
15. Sudya tomonidan zimmasiga yuklatilgan vazifani, nufuzni va sudga hurmatni shakllantiruvchi yuksak axloq-odob me’yorlariga rioya qilinmasdan turib, sud hokimiyatini va sudya vakolatlarini amalga oshirish mumkin emas.
Sudya sud hokimiyatining sha’ni va mustaqilligini mo‘tabar tutishi, halol va beg‘araz bo‘lishi, qonunga rioya etishi va fuqarolarning huquqlarini hurmat qilishi, har qanday nojo‘ya harakatlar yoki shunday bo‘lib ko‘rinishi mumkin bo‘lgan harakatlardan o‘zini tiyishi, o‘zining sudyalik lavozimi nufuzidan shaxsiy manfaatlari yoki boshqa shaxslarning manfaatlari yo‘lida foydalanishdan o‘zini saqlashi, huquq sohasida o‘zining kasb malakasini oshirib borishi, sud protsessida taraflarga sabr toqatliligini va obro‘sini ko‘rsatishi, shaxsiy hayotda yuksak axloqiy qoidalarga amal qilishi shart.
1996 yil 20 dekabr, 1/60-son