YENGIL AVTOMOBILLAR VA MOTOTRANSPORT VOSITALARINI QISQA MUDDATLI IJARAGA BERISH TARTIBI TO‘G‘RISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASH TO‘G‘RISIDA
O‘zbekiston Respublikasining “Iqtisodiyotning jadal rivojlanishini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” 2018-yil 26-iyuldagi O‘RQ-488-son Qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 7-fevraldagi PQ-3514-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” ichki turizmni rivojlantirish dasturini amalga oshirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasining samarali bajarilishini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Yengil avtomobillar va mototransport vositalarini qisqa muddatli ijaraga berish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston avtomobil transporti agentligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari — “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov va O‘zbekiston avtomobil transporti agentligi boshlig‘i D.T. Dexkanov zimmasiga yuklansin.
Toshkent sh.,
2018-yil 14-dekabr,
1015-son
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 14-dekabrdagi 1015-son qaroriga ILOVA
Yengil avtomobillar va mototransport vositalarini qisqa muddatli ijaraga berish tartibi to‘g‘risida NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom yengil avtomobillar va mototransport vositalarini (keyingi o‘rinlarda transport vositalari deb ataladi) iste’mol maqsadlarida qisqa muddatli ijaraga berish (30 kungacha) tartibi hamda ijaraga beruvchi va ijarachining huquqlari, majburiyatlari va javobgarliklarini belgilaydi.
2. Transport vositalarini ijaraga berish O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi, “Ijara to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni, mazkur Nizom va boshqa qonun hujjatlar bilan tartibga solinadi.
3. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
ijarachi — transport vositasini tegishli boshqarish huquqiga ega va ma’lum to‘lov evaziga qisqa muddatli ijaraga berish shartnomasi asosida transport vositasini olgan jismoniy yoki yuridik shaxs;
ijaraga beruvchi — qonunchilikda belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tgan, ma’lum to‘lov evaziga qisqa muddatli ijaraga berish shartnomasi asosida transport vositasini ijarachiga beruvchi yuridik shaxs;
qisqa muddatli ijara shartnomasi (keyingi o‘rinlarda shartnoma deb ataladi) — ijraga beruvchi va ijarachi o‘rtasida 30 kundan ortiq bo‘lmagan muddatga tuziladigan, notarial rasmiylashtirish va O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati organlarida ro‘yxatdan o‘tkazishni talab etmaydigan transport vositasini qisqa muddatli ijaraga berish to‘g‘risida yozma kelishuv.
2-bob. Transport vositalarining qisqa muddatli ijarasi
4. Shartnoma tuzish uchun ijarachi ijaraga beruvchiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
pasport yoki identifikatsiya ID-kartasi;
transport vositasidan foydalanadigan shaxsning haydovchilik guvohnomasi (milliy yoki xalqaro namunadagi);
medik ko‘rikdan o‘tganligi haqida ma’lumotnoma (ijaraga beruvchining ixtiyoriga ko‘ra);
garov depoziti kiritilganligini tasdiqlovchi hujjat (ijaraga beruvchining ixtiyoriga ko‘ra).
41. Ijaraga beruvchi, zarurat bo‘lganda, yuridik shaxsning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tegishli tashkilotlardan belgilangan tartibda oladi.
5. Shartnomada quyidagi shartlar nazarda tutiladi:
tomonlarning huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi;
taqdim etilayotgan transport vositasining bozor narxi;
transport vostasini qisqa muddatli ijaraga berish tartibi;
qisqa muddatli ijaraning aniq muddatlari;
ijara to‘lovining shartlari va miqdori, uni to‘lash muddatlari;
garov depoziti miqdori (ijaraga beruvchi va ijarachining kelishuviga ko‘ra).
shartnoma amal qilish muddati tugagandan so‘ng transport vositasini ijaraga beruvchiga qaytarish tartibi;
yengib bo‘lmaydigan kuch (fors-major) holatlari.
Shartnoma bilan O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan boshqa shartlar ham mustahkamlanishi mumkin.
3-bob. Ijaraga beruvchining huquq va majburiyatlari
6. Ijaraga beruvchi unga shaxsiy mulk sifatida yoki boshqa ashyoviy huquqlar asosida tegishli bo‘lgan, texnik soz, videoregistratorlar va GPS navigatorlar bilan jihozlangan, qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda texnik ko‘rikdan o‘tgan hamda Transport vazirligi va Ichki ishlar vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan talablarga muvofiq maxsus taniqlik belgiga ega bo‘lgan transport vositalarini qisqa muddatli ijaraga beradi.
7. Ijaraga beruvchi quyidagi huquqlarga ega:
jismoniy shaxsda alkogolli ichimlik, giyohvandlik moddasi ta’siridagi yoki o‘zgacha tarzdagi mastlik belgilari aniq ko‘rinib turganda, u bilan shartnoma tuzishni rad etish;
shartnomada belgilangan shartlar asosida transport vositasiga yetkazilgan va ijarachi tomonidan qoplashni talab etadigan zararni, yo‘l harakati qoidalari buzilganligi uchun to‘lovlarni amalga oshirish kafolati sifatida xizmat qiladigan garov depozitini to‘lashni talab etish;
murojaat qilish orqali Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasining “Ma’muriy amaliyot” kompleks avtomatlashtirilgan axborot tizimida shaxsiy kabinet ochish;
“Ma’muriy amaliyot” kompleks avtomatlashtirilgan axborot tizimidagi shaxsiy kabinet orqali ijaraga berilgan transport vositalari tomonidan yo‘l harakati qoidalari buzilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar mavjudligini aniqlash;
qo‘shimcha xizmatlar (bola uchun maxsus o‘rindiq, navigator, qo‘shimcha sug‘urta, yirik to‘xtash joylarida alohida joy ajratish va boshqalar) ko‘rsatish.
8. Ijaraga beruvchi tomonidan moddiy e’tirozlar mavjud bo‘lmagan taqdirda, shartnoma muddati tugagandan so‘ng garov depoziti miqdori ijarachiga qaytariladi.
9. Ijaraga beruvchi:
qisqa muddatli ijaraga berish uchun mo‘ljallangan transport vositalarini saqlash hamda texnik ko‘rikdan o‘tkazish uchun shaxsiy yoki ijaraga olingan binoga ega bo‘lishi;
ijarachini qisqa muddatga taqdim etayotgan transport vositasidan foydalanish qoidalari bilan tanishtirishi;
transport vositalarini belgilangan muddatda topshirish hamda qabul qilish dalolatnomasiga asosan texnik soz, yo‘l harakati qoidalari talablari va xavfsizlik talablariga muvofiq butlangan hamda maxsus taniqlik belgiga ega bo‘lgan holatda taqdim etishi;
transport vositalaridan foydalanish davrida boshqa shaxslarning hayoti, sog‘lig‘i va (yoki) mulkiga zarar yetkazganlik uchun o‘zining fuqarolik javobgarligini sug‘urtalashi shart;
10. Qisqa muddatli ijara muddati tugagandan so‘ng transport vositasi ijaraga beruvchi tomonidan topshirish va qabul qilish dalolatnomasi asosida qabul qilib olinadi.
4-bob. Ijarachining huquq va majburiyatlari
11. Ijaraga beruvchi ijarachiga qisqa muddatli ijaraga beriladigan transport vositasini o‘z vaqtida taqdim etmagan holda, ijarachi ushbu transport vositasini talab qilishi va bajarish muddati kechikishidan kelib chiqadigan zararni qoplashni yoki shartnomani bekor qilishi hamda shartnomani bajarmaslik oqibatida yetkazilgan zararni qoplashni talab qilish xuquqiga ega.
12. Ijarachi:
qisqa muddatli ijaraga beriladigan transport vositasidan foydalanish qoidalari bilan tanishib chiqishi;
transport vositasidan faqat belgilangan maqsadda, boshqa shaxsga bermagan holda foydalanishi;
qisqa muddatli ijara muddati tugagandan so‘ng transport vositasini shartnoma va topshirish hamda qabul qilish dalolatnomasiga muvofiq texnik soz holatda qaytarishi;
ijaraga beruvchini transport vositasining egasi sifatida javobgarlikka tortish — ma’muriy huquqbuzarliklar sodir etilganligi, transport vositasidan foydalanish natijasida transport vositasiga, uchinchi shaxslar hayoti yoki sog‘lig‘iga zarar yetkazilganligi bilan bog‘liq ijaraga beruvchining barcha zarar (ziyon) va xarajatlarini qoplashi;
ijaraga olingan transport vositasida mamlakatni tark etmasligi;
shartnoma tuzilgandan so‘ng ijara uchun to‘lovni amalga oshirishi shart.
13. Trasnport vositasiga zarar yetkazilsa va (yoki) ijaraga olingan transport vositasi ishtirokida yo‘l-transport hodisasi yuz bergan taqdirda:
ijarachi zudlik bilan ijaraga beruvchini xabar qilishi lozim;
ijaraga beruvchi ijarachi tomonidan taqdim etiladigan ma’lumotlarning to‘liqligi va haqqoniyligi uchun javobgardir.
14. Ijaraga berilgan transport vositasiga zarar yetkazilganligi aniqlangan taqdirda, yetkazilgan zarar miqdori uni baholash yo‘li bilan belgilanadi va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ayibdor shaxslardan undiriladi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
15. Ijaraga beruvchilar va ijarachilar o‘rtasida transport vositalarining ijara shartnomasini tuzish, bajarish va tugatish yuzasidan munozarali masalalar amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq hal etiladi.
16. Mazkur Nizom buzilishida aybdor shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.